Yangiliklar
Yangiliklar
2022-07-13
Mazkur yo‘nalishda qisqa davrda erishilgan natijalar ko‘pchilik xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
Buxoroda o‘tkazilayotgan O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish xalqaro forumida shular haqida batafsil ma’lumot berildi. Xalqaro forumning ikkinchi ish kunida ishtirokchilar bandlik, xususiy, kichik va o‘rta biznes, tadbirkorlik, investitsiya muhiti, qishloq xo‘jaligini transformatsiya qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror ish o‘rinlarini yaratish, ijtimoiy himoya dasturlarini loyihalashtirish va rag‘batlantirish o‘rtasidagi muvozanat masalalarini muhokama qilishdi.
Kambag‘allikni qisqartirish haqida gap borar ekan, bunda albatta bandlik masalasi, aholiga yaratilgan ish o‘rinlari masalasi juda ham muhim. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov xalqaro forumning kambag‘allikni qisqartirish va aholini ish bilan ta’minlash, umuman aholini daromadli qilishdagi ahamiyati haqida gapirdi.
–Guvohi bo‘lganingizdek, ushbu forumda xorijlik ekspertlar ham ishtirok etmoqda, – deydi vazir. – O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ular bilan fikr almashildi. Boshqa mamlakatlarda kambag‘allikni qisqartirish aynan qanday yo‘llar bilan amalga oshirilayotgani tajribasi o‘rganildi. Kambag‘allikni qisqartirishda eng katta mezon aholi bandligini ta’minlash hisoblanadi. Bizda bu borada alohida dasturlar qabul qilingan. Ishsiz bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunarga o‘rgatish, ularning bandligini ta’minlashda ko‘maklashish, subsidiyalar ajratish borasida katta ijobiy tajribaga egamiz.
–Biz Osiyo taraqqiyoti banki nomidan ushbu forumda o‘z loyihalarimiz taqdimotini o‘tkazdik, – deydi Osiyo Taraqqiyot banki eksperti Shingo Kumira. – Loyihalarda dunyoning rivojlangan tajribalarini O‘zbekistonda qo‘llash orqali hududlar kesimida aholi daromadini oshirish va shu orqali kambag‘allikni qisqartirish nazarda tutiladi. O‘rganishlarimizga ko‘ra, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida katta potensial mavjud bo‘lib, resurslardan samarali foydalanish orqali aholini band qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish mumkin. Bu esa, o‘z-o‘zidan kambag‘allikni qisqartirishga olib keladi.
Xalqaro forumda Xitoy kambag‘allikni qisqartirish xalqaro markazi bilan hamkorlik dasturi imzolandi.
– Xitoy o‘tgan yili kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mutlaq g‘oliblikni e’lon qilgan edi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi departament boshlig‘i Sobir Hayitmurodov. – Prezidentimiz tomonidan 2026 yilgacha kambag‘allikni ikki barobar qisqartirish bo‘yicha strategiya belgilangan. Shuning uchun Xitoy kambag‘allikni qisqartirish xalqaro markazi bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi o‘rtasida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi. Bu dastur asosida hamkorlik ishlari yanada takomillashadi.