Саҳифа манзили: 

Танланган матн: 

Xabar

Yangiliklar

Buxorolik mas’ullar Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi

error

2022-07-13

– Chet elga, uzoq o‘lkalarga qatnab, ishlayotgan yurtdoshlarimiz duch kelayotgan muammolarni bilish va ularni bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida keldik, – deydi boshqarmasi boshlig‘i Anvar Hamroyev. – Vladivostok shahrining “Delfin” restoranida Primorsk o‘lkasida ishlab yurgan mehnat migrantlari, talaba yoshlardan iborat jami 500 nafardan ortiq fuqaro bilan uchrashdik. Ularning ijtimoiy ahvoli, murojaatlari har tomonlama o‘rganildi. 

Tadbir va muloqotlar davomida buxorolik mutasaddilarga O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsuli R.Ismoilov hamrohlik qildi. 

Mazkur uchrashuvda Buxorodan borib uzoq o‘lkalarda mehnat qilayotganlarga yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, tarixiy ahamiyatga ega ijtimoiy-siyosiy voqealar, jumladan, talaba yoshlar va xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, chet elda qonuniy asosda, xavfsiz mehnat migratsiyasini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil tushuntirishlar berildi. 

Xususan, 2021 yil 12 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablag‘larsiz qolgan taqdirda, moliyaviy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” gi qarori qabul qilingani ta’kidlandi. Bu qaror Respublikamiz fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashashi, kun kechirishi uchun moddiy ta’minotsiz qolgan taqdirda moliyaviy yordam ko‘rsatish tartibini belgilaydi. Shuningdek, 2022 yilning 1 mart kuni mamlakatimiz Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorida ham yurtimizdan borgan mehnat migrantlariga qator imkoniyat va imtiyozlar nazarda tutilgan.

Xizmat safari davomida viloyat delegatsiyasi mamlakatimizning Rossiyadagi Bosh konsulligi vakillari bilan birga Primorsk o‘lkasidagi qator korxonalarda, jumladan, “Trilliton” nomli temir–beton mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodda mehnat qilayotgan 40 nafar, Vladivostok shahrida ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishini olib borayotgan “D5–ENGENIRING” kompaniyasida ishlayotgan 100 nafar, xuddi shunday, shaharda yirik savdo tarmog‘iga ega va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bilan shug‘ullanayotgan “UNICLAB” kompaniyasining ob’ektlarida band bo‘lgan 90 nafar buxorolik fuqarolar bilan uchrashdi. Ular ijtimoiy muhofazasiga doir tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib bordi.

Vladivostok shahridan 180 kilometr uzoqlikda Primorsk o‘lkasining Mixaylovskiy tumanida joylashgan “Esta Contractione” MCHJ tomonidan kelgusida go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallab qurilayotgan 2 ta yirik zavodda mamlakatimizdan borib mehnat qilayotgan 650 nafar mehnat migranti bilan uchrashib, ular duch kelayotgan muammolar muhokama qilindi. 

Ularga va boshqa migrantlarga yaqindan yordam berish chora-tadbiri belgilandi. Bundan tashqari, fuqarolar tomonidan berilgan barcha savollar, ularni qiziqtirgan masalalarda batafsil javob berildi. Xorijdagi yurtdoshlarimiz bilan doimiy muloqotda bo‘lish hamda huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida telefon raqamlar almashildi.

Buxoro delegatsiyasining olis Primorsk o‘lkasiga tashrifi va u yerdagi yurtdoshlarimiz bilan uchrashuvlari davom etmoqda.