Саҳифа манзили: 

Танланган матн: 

Xabar

Yangiliklar

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandlik darajasi nega past?

error

2022-07-13

O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish xalqaro forumi doirasida o‘tkazilgan tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov ma’ruza qildi.Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotga ko‘ra, bugun dunyoda 1 milliarddan ortiq odam nogironlikdan aziyat chekmoqda. Bu dunyo aholisining taxminan 15 foizini tashkil etadi. Surunkali kasalliklarning kuchayishi va qarilik sabab ularning soni tobora ortmoqda. O‘zbekistonda ham bunday shaxslar soni kam emas. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga jalb qilish, jamiyatdagi no tenglik muammosi esa har doimgidek dolzarb bo‘lib qolmoqda. 

Respublika Tibbiy mehnat ekspert komissiyalari ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 790 ming nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar rasman ro‘yxatga olingan. Ularning 62 foizi qishloq joylarda yashovchilar, 45 foizini ayollar tashkil etadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslardan 123,9 ming nafari 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 666,3 ming nafardan ortig‘i 16 yoshdan kattalar, hamda 201,7 mingdan ortig‘i pensiya yoshidagilardir. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning Tibbiy mehnat ekspert komissiyalari  ma’lumotiga ko‘ra, 248,2 ming nafardan ziyodi mehnat faoliyatiga layoqatli, shundan 46,7 ming nafari yoki bor-yo‘g‘i 18,8 foizi band bo‘lsa, bu ko‘rsatkich, jami nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 790 mingga nisbatan atigi 5,9 foizini tashkil etadi.

 

Nega nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandlik darajasi bunchalik past. Sabablarini tahlil qilganimizda, nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tashkilotlari va xususiy sektorning potensial xodimlari emas, balki asosan xayriya va reabilitatsiya yordamini oluvchilar sifatida qarash saqlanib qolmoqda. Jamiyatimizdagi salbiy stereotiplar va noto‘g‘ri qarashlar, ish beruvchilar tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat ko‘nikmalari, qobiliyatlari va iste’dodlariga ishonch yo‘qligi, shuningdek, ochiq mehnat bozorida ko‘p uchraydigan nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitish hali ham mavjud. Aksariyat, ish beruvchilarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilish va ularga sharoit yaratish hamda ijtimoiy himoya qilish borasida korporativ madaniyat yetarli darajada emas. Bugun mana shu kabi muammolarga duch kelyapmiz. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish tizimi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan.

Afsuski, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishda foydalaniladigan, hokimliklar qarori bilan zaxiralanadigan ish o‘rinlaridan foydalanish darajasi ham talab darajasida emas. “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunda ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va ish o‘rinlarini zaxiraga qo‘yish tartibi belgilangan. Korxona va tashkilotlarda ishlayotgan xodimlar toifasi tahlil qilinganda, shtat birligi 20 tadan ortiq bo‘lgan 2 million 615 ming nafar xodimlar ishlovchi 17 ming 30 ta korxona va tashkilotlarda 36,1 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Qonun talabiga asosan, ushbu korxonalarda jami shtat sonining 3 foizida ya’ni 78 ming 470 ta ish o‘rinlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlashi lozim bo‘lsa, bizda yana qo‘shimcha ravishda 42 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish imkoniyati mavjud.
Bundan tashqari, oxirgi 2 yil ichida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2 ta instrument joriy etildi.    

Birinchisi, xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga ish o‘rinlari va sharoitlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish uchun har bir moslashtirilayotgan ish joyi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratilishi bo‘lsa, ikkinchisi ijtimoiy muhtoj aholi qatlamlariga mansub shaxslarni kvotalangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga — har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari (540 ming so‘m) miqdorida haq to‘lash joriy etildi.

2022 yilning boshidan nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligiga ko‘maklashish, ularni kasb-hunarga o‘qitishga bo‘lgan e’tibor mutlaqo yangi pog‘onaga chiqdi. Davlat rahbarining ushbu masalalarni amaliy yechimini topishga qaratilgan qator muhim qarorlari qabul qilinmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2021 yil 21 dekabrdagi  “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi” qarori qabul qilindi. 
Bir so‘z bilan aytganda, Mehnat kodeksida nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnati huquqi va muhofazasi bilan bog‘liq boshqa masalalar ham tartibga solinmoqda.